Qaysi to‘garakka qatnagan ma’qul?

Mahallamizdagi bolalar maydonchasi ancha gavjumlashib qoldi. Oromgohdan qaytgan bolakaylar koptok tepishmoqda, qizlar sakrashmachoq o‘ynashmoqda. Hash-pash deguncha yangi o‘quv yili ham boshlanadi.

O‘smir yoshidagi bolajonlar darsdan keyingi vaqtini do‘stlari bilan o‘tkazadi. Biroq bo‘sh vaqtini maqsadli tashkil etish ularning ertangi kamolotida muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois bu davrda ko‘pchilik ota-onalar farzandini sport to‘garaklariga jalb etishadi. Bunday paytlarda oila boshliqlarini «Farzandimni qaysi sport to‘garagiga bersam ekan?», «Qaysi sport turi bolamning sog‘lig‘i uchun ko‘proq foydali?», degan savollar o‘ylantiradi.

Quyida ayni mavzuda mutaxassislarning ba’zi tavsiyalari bilan tanishasiz. Bu farzandingiz uchun to‘garak tanlashingizda qo‘l kelsa, ajabmas.

Mutaxassislarning fikricha, gimnastika sport turlari, jumladan, sport gimnastikasi qomatni raso qiladi, bolani nafis va nazokat bilan harakatlanishga o‘rgatadi. Ushbu sport turi muvozanatni saqlash, mushak faoliyatini yaxshilash bilan birga fikr­lash layoqatini ham kuchaytiradi, san’atga ish­tiyoq uyg‘otadi.

Suzish esa asab tizimi faoliyatini yaxshilaydi. Tayanch-harakat a’zolariga ijobiy ta’sir o‘tkazib, suyak-mushak tizimi va tanani chiniqtiradi, o‘pka-nafas yo‘llari kasalliklarining oldini olishga yordam beradi.

Tennis, badminton, stol tennisi bilan shug‘ullanganlarda tezkor harakatni, o‘ziga ishonchni shakllantiradi.

Futbol, voleybol, basketbol, qo‘l to‘pi o‘yin turlari murakkab vaziyatda tez va oqilona yechim topish qobiliyati, chidamlilik, egiluvchanlikni oshirish bilan birga, tafakkurni rivojlantiradi, jamoa bilan ishlashga, intizomga o‘rgatadi.

Yakkakurash turlari esa fikr­lash va harakat chaqqonligini, irodani toblaydi.

Velosport qo‘l, oyoq va gavdani pishitadi. Zamonaviy beshkurash tananing barcha mushaklarini mustahkamlaydi, iroda bilan g‘alabaga intilishga undaydi.

Tog‘ turizmi tabiatning go‘zal manzaralaridan estetik zavq olish imkonini berish barobarida bolani chiniqtiradi, harakatchanlikni rivojlantiradi.

Eshkak eshish sport turlari qo‘l, oyoq, qorin mushaklariga ijobiy ta’sir o‘tkazadi, bo‘g‘imlarni egiluvchan qiladi, o‘pka-nafas yo‘llari tizimi chidamliligini oshiradi.

Kamondan o‘q otish nafasni muntazam nazorat qilish, yurak-qon tomir tizimini rivojlantirish va qomatni tik tutishiga xizmat qiladi.

Shaxmat esa teran fikrlashga odatlantiradi.

Har bir sport turi o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Farzandingiz uchun sportning qaysi turini tanlashda, albatta, mutaxassis bilan maslahatlashing. Uning jismoniy qobiliyati va qiziqishini e’tiborga oling. Bolani sport bilan shug‘ullanishida uning kun tartibi va to‘g‘ri ov­qatlanishga qat’iy rioya etishi ham muhim ahamiyatga ega.

manba: qanday-qilib.uz

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan